Amerika Qoʻshma Shtatlari Kongo Demokratik Respublikasining sobiq prezidenti Jozef Kabilaga nisbatan keng koʻlamli sanksiyalar joriy etdi. Unga M23 isyonchi guruhini qoʻllab-quvvatlaganlik aybi qoʻyilmoqda.
Vashingtonning iddao qilishicha, Kabila isyonchilarga moliyaviy yordam bergan, Kongo armiyasidan askarlarni oʻz tomoniga ogʻdirishga undagan va hatto mamlakat tashqarisidan turib harbiylarga hujum uyushtirishga uringan.
2001-yildan boshlab 18 yil davomida Kongo DRga rahbarlik qilgan 54 yoshli sobiq prezident bu choralarni “mutlaqo asossiz, siyosiy motivlarga asoslangan va tasdiqlanmagan ayblovlar” deb atadi.

AQSHning taʼkidlashicha, bu soʻnggi sanksiyalar oʻtgan yili Kongo DR va Ruanda oʻrtasida imzolangan tinchlik bitimini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan kengroq saʼy-harakatlarning bir qismidir. Bu bitimga AQSH vositachilik qilgan edi.
Vashington, shuningdek, Ruandani M23ni qoʻllab-quvvatlashda ayblamoqda va mart oyida uning armiyasining baʼzi yetakchi qoʻmondonlariga sanksiyalar joriy qilgan edi.
Kigali isyonchilarni qoʻllab-quvvatlashni rad etadi, garchi bunga koʻplab dalillar mavjud boʻlsa-da. Uning aytishicha, mintaqadagi harbiy mavjudligi Kongo DRdagi qurolli guruhlar tomonidan Ruanda xavfsizligiga tahdidlarga qarshi mudofaa chorasidir.

AQSH Gʻaznachiligining Kabilaga qarshi sanksiyalarni eʼlon qilgan bayonotida, u Kinshasadagi vaziyatni beqarorlashtirish va siyosiy taʼsirini qaytarish uchun muxolifat nomzodini ilgari surishni maqsad qilganligi aytiladi.
Bu choralar doirasida Kabilaning AQSHdagi barcha aktivlari muzlatib qoʻyilgan. Amerika fuqarolari va kompaniyalariga u bilan biznes qilish taqiqlangan. Banklar va xorijiy hamkorlar sobiq prezident bilan hatto bilvosita aloqalardan ham ogohlantirilgan, qoidabuzarliklar ogʻir fuqarolik yoki jinoiy jazolarga olib kelishi mumkin.
Sanksiyalar nafaqat jazolash, balki xulq-atvorni oʻzgartirishga majburlash uchun moʻljallangan boʻlib, Vashingtonning mojarolarni avj oldirishda ayblangan sobiq rahbarlarga qarshi choralar koʻrishga tayyorligini bildiradi.
Kongo DR hukumati AQSH harakatini olqishlab, bu “jazosizlikka qarshi kurash, suverenitetni hurmat qilish va javobgarlikni taʼminlash yoʻlidagi yana bir muhim qadam” ekanligini aytdi.
Biroq Kabilaning idorasi AQSH qarorini “Kinshasa rasmiylarining hikoyasiga asoslangan” deb atadi. Uning qoʻshimcha qilishicha, sanksiyalar “korrupsiya, talonchilik va davlatni oʻzlashtirishga qarshi koʻtarilgan har bir ovozni bostirish uchun ochiq chek” sifatida qabul qilinishi mumkin.
Kongo DRning sharqiy qismi yillar davomida koʻplab qurolli guruhlar faoliyat yuritayotgan mojaro oʻchogʻi boʻlib kelgan. 2025-yil boshida M23 bu minerallarga boy mintaqaning katta hududlarini, jumladan, uning eng yirik shaharlarini egallab, jiddiy muvaffaqiyatlarga erishdi.
AQSHning taʼkidlashicha, sanksiyalar “muhim minerallar taʼminot zanjirlarida shaffoflikni oshiruvchi” mintaqaviy iqtisodiy kelishuvni ham mustahkamlagan.
Oʻtgan dekabr oyida AQSH va Kongo DR kobalt, koltan va mis kabi minerallarning mintaqadagi ulkan zaxiralariga kirishni oshirish boʻyicha hamkorlikni kelishib olgan edi.
Kabilaning hozirgi qayerdaligi nomaʼlum, ammo 12 oy oldin u M23 nazoratidagi Goma shahrida paydo boʻlgan edi.
Oʻtgan sentabr oyida u Kongo harbiy sudi tomonidan M23ni qoʻllab-quvvatlaganlik aybi bilan bogʻliq harbiy jinoyatlar va davlatga xiyonat uchun sirtdan oʻlim jazosiga hukm qilingan edi. U ayblovlarni rad etgan, ammo ishni “oʻzboshimchalik” deb atab, oʻzini himoya qilish uchun sudga kelmagan.
Mənbə: BBC News

