Atlantika okeanida sayohat qilayotgan kruiz kemasida xavfli hantavirus tarqalishi oqibatida uch kishi hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) BBC nashriga ma’lum qildi.
Tashkilotning xabar berishicha, hozircha virus yuqtirgan bir nafar bemor tasdiqlangan, yana besh kishida esa kasallik alomatlari gumon qilinmoqda. Ulardan 69 yoshli Buyuk Britaniya fuqarosi Janubiy Afrikaning Yoxannesburg shahridagi shifoxonada jonlantirish bo‘limida davolanmoqda. Mahalliy rasmiylar uning virusga chalinganini tasdiqlagan.
Hantavirus odatda kemiruvchilarning siydigi yoki najasi orqali odamlarga yuqadi va og‘ir nafas olish kasalliklariga sabab bo‘lishi mumkin. Kamdan-kam hollarda bu virus odamdan odamga ham o‘tishi mumkin.

Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi vaziyatni kuzatayotganini va o‘z fuqarolariga yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Ushbu holat Argentinadan Kabo-Verde orollariga qarab yo‘l olgan "MV Hondius" kemasida qayd etilgan.
"MV Hondius" kemasi "Oceanwide Expeditions" sayyohlik kompaniyasi tomonidan boshqariladi.

Kompaniya veb-saytidagi marshrutga ko‘ra, "MV Hondius" 20-mart kuni Argentinaning Ushuaya shahridan jo‘nab ketgan va 4-may kuni Kabo-Verdega yetib borishi kutilgan edi.
Ushbu kema 107,6 metr uzunlikda bo‘lib, 80 ta kayutada 170 nafar yo‘lovchi, shuningdek, 57 nafar ekipaj a’zosi, 13 nafar gid va bir nafar shifokorni sig‘dira oladi.
Janubiy Afrika Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili Foster Mohale BBCga bergan intervyusida kemada turli mamlakatlardan 150 ga yaqin sayyoh bo‘lganini aytdi.
JSST uch kishining o‘limini tasdiqlashidan avval, Mohale kamida ikki kishi vafot etganini ma’lum qilgan edi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lgan 70 yoshli erkak va 69 yoshli ayol gollandiyalik er-xotin bo‘lgan.
Sog‘liqni saqlash xodimining aytishicha, erkak to‘satdan isitma, bosh og‘rig‘i, qorin og‘rig‘i va diareya bilan kasallangan. U Janubiy Atlantikadagi Britaniya hududi bo‘lgan Avliyo Yelena oroliga yetib kelganida vafot etgan.
Ayol ham kemada kasallanib, Janubiy Afrikaga evakuatsiya qilingan va Yoxannesburgdagi shifoxonada vafot etgan.
AFP axborot agentligi manbasiga tayanib xabar berishicha, uchinchi halok bo‘lgan shaxsning jasadi hali ham kemada.
Ismini oshkor etmagan manbaning aytishicha, yana ikki nafar kasal yo‘lovchini Kabo-Verde orolidagi shifoxonada izolyatsiyaga olish masalasi muhokama qilinmoqda.
Shundan so‘ng kema Ispaniyaning Kanar orollariga yo‘l olishi kutilmoqda.
JSST a’zo davlatlar va kema operatorlari o‘rtasida ikki nafar kasal yo‘lovchini tibbiy evakuatsiya qilish, shuningdek, to‘liq jamoat salomatligi xavfini baholash va kemada qolganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha muvofiqlashtirish ishlariga ko‘maklashayotganini bildirdi.
Mənbə: BBC News

