Yaman qirgʻoqlari yaqinida neft tashuvchi tanker qaroqchilar tomonidan egallab olinib, Somali tomon yoʻl olgan. Bu haqda BBCga bir nechta Somali xavfsizlik xodimlari ma’lum qildi.
Yaman qirgʻoq xavfsizligi xizmati avvalroq "MT Eureka" nomli tankerning garovga olingani va Somali tomon ketayotganini xabar qilgan edi. Manbalarga koʻra, tanker Adan koʻrfazida, Qana porti yaqinida qaroqchilar hujumiga uchragan.
BBCga Puntlend yarim avtonom viloyatining uch nafar xavfsizlik xodimi ma’lum qilishicha, qaroqchilar Adan koʻrfazida joylashgan Qandala qirgʻoq shaharchasi yaqinidagi chekka hududdan chiqqan.
Bu soʻnggi oʻn kun ichida hududda neft tankerining ikkinchi marta garovga olinishi hisoblanadi. Avvalroq, 22-aprel kuni Somali qaroqchilari "Honor 25" tankerini egallab olgan edi.
"Honor 25" tankerida Mogadishuga yoʻl olgan 18 500 barrel neft boʻlgan.
Xavfsizlik xodimining BBCga aytishicha, "MT Eureka" garovga olinishidan oldin Gʻarbiy Afrika davlati Togo bayrogʻi ostida suzgan va bugun ertalab soat 05:00 (Toshkent vaqti bilan 07:00) da qurolli shaxslar tomonidan egallab olingan.
Hozirda u Yaman va Somali oʻrtasidagi Adan koʻrfazida suzmoqda va yaqin soatlarda Somali suvlariga yetib borishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, Buyuk Britaniya dengiz transporti operatsiyalari (UKMTO) juma kuni Yamaning Al-Mukalla shahri yaqinida "qurollangan shaxslar" "kichik qayiqda" yuk kemasiga yaqinlashgani haqida xabar berdi.
Uch nafar xavfsizlik xodimining ma’lumotiga koʻra, bu qurollangan shaxslar baliqchilik shaharchasi Caluula (Alula) yaqinidagi chekka qirgʻoq hududidan chiqqan. Caluula "MT Eureka"ni egallab olgan qaroqchilar chiqqan joydan 209 km uzoqlikda joylashgan.
Bu ikki alohida hodisa qaroqchilikning Somali qirgʻoqlarining butun uzunligi boʻylab kengayib borayotganidan dalolat beradi. Somali qirgʻoq chizigʻi Afrika qit’asidagi eng uzun boʻlib, 3333 km ga choʻzilgan.
Bugungi garovga olish soʻnggi ikki hafta ichida qaroqchilar tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirilgan toʻrtinchi hujumdir.
Somali hukumati va Somali suvlarida qaroqchilikka qarshi operatsiyalarni nazorat qiluvchi Yevropa Ittifoqi dengiz kuchlari (EUNAVFOR) hozircha soʻnggi garovga olish holati boʻyicha izoh bermadi.
2011-yildan beri pasayib borayotgan Somali qaroqchiligi 2023-yil oxiridan boshlab, Husiylar Adan koʻrfazi va Qizil dengizda kemalarga hujum qila boshlaganidan beri yana avj oldi. Hujumlar xalqaro dengiz kuchlarini Husiylar tahdidiga qarshi kurashishga majbur qildi, bu esa Somali qirgʻoqlaridagi qurolli guruhlarga xavfsizlikdagi boʻshliqdan foydalanish imkonini berdi.
Puntlend yarim avtonom viloyatining xavfsizlik xodimlaridan biri BBCga shunday dedi: "Qaroqchilar bilan davom etayotgan inqiroz koʻpchilik oʻylaganidan ancha yomonroq. Butun qirgʻoq boʻylab (qurolli guruhlarning) harakatlari tobora ortib bormoqda".
Mənbə: BBC News

